Uzum barglari
2 min. o'qing
Uzum barglari

Yunon, turk, arab, Vyetnam oshxonasi, shuningdek, Janubiy Kavkaz oshxonasi an’anaviy ravishda uzum barglaridan foydalanadi. Och rangli uzum navlarining barra barglari gullash davrida, ular taomda ishlatish uchun ayni muddao bo‘lganda — yumshoq va sersuv, yoqimli nordon ta’mga ega bo‘lganda yig‘iladi.
Katta barglarni ishlatishdan oldin bir sutkaga suvga solib qo‘yiladi va shundan keyingina qaynoq suv quyiladi. Yosh barglar sovutgichda bir necha kun davomida yangiligini saqlaydi, ammo saqlashdan oldin ularni issiq suvda yuvish kerak.
Uzum barglarini uzoq vaqt saqlashga yordam beradigan bir nechta oddiy usullar: ularni tuzlash, konservalash yoki muzlatish. Ammo sho‘r bo‘lsa, ular foydali xususiyatlarini yo‘qotadi, shuning uchun oshpazlar muzlatishni afzal ko‘rishadi.
Bunday muolaja uchun 200-500 grammli vakuum plastik idishlarni tayyorlab, ichiga barglarni solib, og‘zini yoping va muzlatgichga qo‘ying. Ishlatishdan oldin barglar sovuq suvda erishi kerak, so‘ngra elastikligini tiklash uchun ularni bir necha daqiqa issiq suvga botirish kerak.
Saqlashning yana bir usuli — qaynoq suvda botirilgan barglarni durshlag ustiga tashlab, folgaga o‘rab, shu holatda muzxonaga qo‘yish.
Ijodkor oshpazlar muqobil bir retsept o‘ylab topishdi: qaynoq suvda qaynatilgan barglarni tuzli suvli bankalarda konservalash. Bir litrlik bankaga taxminan 60 ta barg sig‘adi. Tuzli suv uchun 1 choy qoshiq quruq xantal, 1 choy qoshiq tuz va 6-7 dona qora murch donasi kerak bo‘ladi. Bankalarga tuzli suv quyib, qopqog‘ini zich yopgandan so‘ng, sovishi uchun ularni bir kecha-kunduzga teskari ag‘darib qo‘yish lozim.
Ba’zi uddaburon uy bekalari barglarni xona haroratida quritib, karton qutilarda saqlaydilar. Bunday barglarni pishirishdan oldin issiq suvda ivitib, 2-3 daqiqa qaynoq suvga solib qo‘yiladi va chovliga tashlab qo‘yiladi.
Do‘lma tayyorlash uchun uzum barglaridan foydalaniladi. Eng noziklari — quritilgan mevalar va asal bilan birga palovga qo‘shiladi. Ba’zi pishloq navlari esa butun pishish davri uchun uzum barglariga o‘raladi.
Izohlar